2025-yil 1-yarim yillik davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy yordamlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar
Kompaniya tomonidan 2025-yil 1-yarim yillik davomida xizmatlar ipotekasi (lizing), xizmatlar ipotekasi (qarz) va kapitalga ulush kiritish moliyaviy xizmatlari doirasida 2 marotaba ochiq tanlov hamda doimiy ochiq tanlov o‘tkazilib, jami 172 ta loyiha anketalari qabul qilindi. Shundan 93 tasi dastlabki skoring tahlilidan muvaffaqiyatli o‘tgan. Yakuniy bosqichda esa umumiy qiymati 536,1 mlrd so‘mni tashkil etuvchi 29 ta loyiha moliyalashtirilib, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun Kompaniya tomonidan jami 145,7 mlrd so‘m miqdorida mablag‘lar ajratildi.
Jumladan, xizmatlar ipotekasi (lizing) yo‘nalishida moliyaviy yordam ko‘rsatish uchun hisobot davrida 2 marotaba ochiq tanlov hamda doimiy ochiq tanlovlar tashkil etildi. Ushbu tanlovlar doirasida jami 54 ta anketa-arizalar kelib tushgan bo‘lib, ulardan 33 tasi dastlabki skoring tahlilidan muvaffaqiyatli o‘tdi va keyingi bosqichlarga tavsiya etildi. 2024-yilda kelib tushgan murojaatlar va 2025-yildagi tanlovlar natijasiga ko‘ra, umumiy qiymati 297,4 mlrd so‘m bo‘lgan 12 ta loyiha moliyalashtirildi hamda ushbu maqsadlar uchun Kompaniya tomonidan 77,6 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi.
Shuningdek, xizmatlar ipotekasi (qarz) moliyaviy yordami taqdim etish maqsadida 2 marotaba ochiq tanlov va doimiy ochiq tanlovlar tashkil etilib, unda 92 ta loyiha anketasi qabul qilindi. Mazkur anketalarning 49 tasi dastlabki skoring tahlilidan muvaffaqiyatli o‘tib, yakunda umumiy qiymati 211,3 mlrd so‘mga teng bo‘lgan 16 ta loyiha moliyalashtirildi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdori jami 63,1 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Kapitalga ulush kiritish moliyaviy yordami bo‘yicha 1-yarim yillik davomida 2 marotaba ochiq va doimiy ochiq tanlovlar tashkil qilindi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha jami 26 ta anketa kelib tushgan bo‘lib, ulardan 11 tasi skoring tahlilidan muvaffaqiyatli o‘tdi. Yakunda natijasida umumiy qiymati 27,4 mlrd so‘m bo‘lgan 1 ta loyiha moliyalashtirildi va Kompaniya tomonidan ushbu loyihaga 5,0 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi belgilandi.